2025-2026 o'quv yili uchun YUNESKO va Xitoy Hukumatining “Buyuk devor” stipendiyalari tanlovi e'lon qilindi.

  • Korporativ Aloqalar Bo'limi
  • 75

2025-2026 o‘quv yili uchun YUNESKO va Xitoy Hukumatining “Buyuk devor” stipendiyalari tanlovi e'lon qilindi (https://www.unesco.org/en/fellowships/greatwall).

Mazkur stipendiya dasturi doirasida Xitoy universitetlarida bir yillik tadqiqotchi (45 yosh), yetakchi tadqiqotchi (50 yosh), magistratura (35 yosh) hamda doktorantura (40 yosh) kurslari taklif etiladi. Xalqaro aviachipta va bir yillik o‘qish bilan bog‘liq xarajatlarni YUNESKO va Xitoy Hukumati o‘z zimmasiga oladi. Tanlovda qatnashmoqchi bo‘lgan nomzodlar oliy ma’lumotga (magistr darajasiga va ayrim sohalar uchun bakalavr darajasiga) ega bo‘lishi lozim. Nomzodlardan, shuningdek, ingliz tilini bilishi, yoshi tegishli kurslarga mos kelishi, aqlan va jismonan sog‘lom bo‘lishi talab etiladi. Dasturda qatnashayotgan Xitoy oliygohlari va sohalar bo‘yicha ma’lumotni (https://www.campuschina.org/universities/index.html) veb-sahifasi orqali olish mumkin.

Tanlovda ishtirok etmoqchi bo‘lgan nomzodlar stipendiya yoʻriqnomasi bilan tanishib quyidagi hujjatlarni ikki nusxada to‘ldirishi lozim:

- maxsus ariza varaqasi (http://www.csc.edu.cn/studyinchina) onlayn tarzda to‘ldiriladi va nusxalari uchta rasm bilan birgalikda taqdim etiladi);

- diplomning yoki sertifikatlarning hamda reyting qaydnomasining tasdiqlangan nusxasi va tarjimasi;

- Xitoy universitetlarining biridan kelgan taklifnoma (agar oldindan ushbu universitet bilan aloqa o‘rnatilgan bo‘lsa);

- nomzodning ilmiy faoliyati bilan yaqindan tanish bo‘lgan ikki olimning tavsiyanomalari (ingliz tilida);

- stipendiya uchun taqdim etilayotgan ilmiy tadqiqot loyihasi (500 so‘zdan iborat);

- tibbiy ma’lumotnoma (ilova etilayotgan maxsus shaklda);

- ingliz tili bilimini tasdiqlovchi sertifikat.

Hujjatlarni joriy yil 1-fevraldan kechiktirmagan holda Xalqaro aloqalar bo‘limiga (bosh bino 604-xona) yetkazishingizni so‘raymiz.