Arxitektura-qurilish sohasidagi 2 ta institut universitet sifatida qayta tashkil etildi
Arxitektura-qurilish
sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari
to‘g‘risidagi Prezident qarori (PQ–416-son, 08.11.2022-y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra:
Toshkent arxitektura-qurilish instituti Toshkent arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, u muhandislik, arxitektura, qurilish hamda qurilish materiallari texnologiyalari yo‘nalishlariga ixtisoslashtirildi. Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish instituti Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti sifatida qayta tashkil etilib, madaniy meros ob’ektlarini tiklash, dizayn, arxitektura, qurilish, urbanizatsiya va muhandislik yo‘nalishlariga ixtisoslashtirildi.
Shuningdek, ushbu
universitetlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimiga o‘tkazildi.
Universitetlarda o‘quv jarayonlari davlat, ingliz va boshqa xorijiy tillarda
kredit-modul tizimi asosida olib boriladi hamda ilmiy va ilmiy-pedagogik
kadrlar tayyorlashni amalga oshirishga yo‘naltirilgan Oliy ilm-fan maktabi
tashkil etiladi. Yuqori kurs talabalari va magistrantlar ish haqi to‘lanadigan
tizim orqali band qilinadi hamda ular respublika hududlarida amalga
oshirilayotgan qurilish loyihalariga jalb etiladi. Universitetlarga ilmiy
daraja va unvonlar beruvchi ilmiy kengashlar tuzish va ularning tarkibini
tasdiqlash huquqi beriladi.
2023-yil
1-yanvardan boshlab universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy
mustaqillik beriladi. Universitetlar tuzilmasida Strategik rivojlantirish
bo‘yicha birinchi prorektor lavozimi joriy etiladi. 2023-yil 1-martga qadar
bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari xalqaro
ta’lim va kasb klassifikatorlariga muvofiq maqbullashtiriladi. Toshkent arxitektura-qurilish
universiteti huzurida Texnopark, Samarqand davlat arxitektura-qurilish
universiteti huzurida Inkubatsiya markazi tashkil etiladi.