Toshkentga sayohat

  • Korporativ Aloqalar Bo'limi
  • 97

Joriy yil 25-26 noyabr kunlari universitet tyutorlari tashabbusi bilan bir guruh talabalarga poytaxtimizning diqqatga sazovor joylari boʻylab sayohat tashkil etildi. Sayohatning birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov qarorgohi (Oqsaroy) hududida tashkil etilgan muzeyga tashrif buyurdilar. U yerda talabalar birinchi Prezidentimizning hayoti, ish faoliyati aks ettirilgan manbalar va axborotlar bilan tanishdilar. Keyingi manzil Innovatsiya vazirligi bo‘ldi. Vazirlikda talabalar “Innovatsion kutubxona”, “Ko‘rgazmalar zali”da o‘rin olgan ixtirolar hamda ishlanmalar bilan tanishdilar. Shuningdek talabalarga mas’ul xodimlar tomonidan amaliy jarayonlar qanday yo‘lga qo‘yilganligi haqida keng tushunchalar berildi.

Kunning oxirgi manzili Oliy majlis Senati bo‘ldi. Talabalar Senatning byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Gadoyev Erkin Fayziyevich bilan uchrashdilar. Muloqot davomida senator talabalarga Senat faoliyati, vakolatlari, huquqiy asoslari, huquq va majburiyatlari xususida tushunchalar berdi. Shuningdek uchrashuvda qabul qilinayotgan qonunlarni ko‘rib chiqish, davlat dasturlarining ijrosini ta’minlash, parlament nazoratini olib borish, ijro organlari va mansabdor shaxslarning xalq oldidagi hisobdorligini oshirish parlament faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Talabalar muloqot tarzida o‘tgan mazkur uchrashuvda Senat faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab savollarga javob oldilar.

Shahidlar maydoni. Talabalar poytaxtimizda 2000-yilda bunyod etilgan ushbu me’moriy yodgorlik majmuasida bo‘ldilar. Vatanimiz ozodligi uchun kurashda jon fido qilgan jadidchilarimiz xotirasini yod etdilar. Shundan so‘ng IT parkda ekskursiya bilan davom etdi.

Ikkinchi kunda Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti hamda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti hamkorligida ikki OTM talabalari o‘rtasida 5 tashabbus doirasidagi bir qator tadbirlar ham tashkil etildi. Shu maqsadda talabalar hamda tyutorlar TAQUga tashrif buyurdilar. TAQUda ikki oliygoh talabalari o‘rtasida sportning “Stol tenisi”, “Armwrestling” musoboqalari “Zakovat” intellektual o‘yini va “Munozara” o‘yinlari tashkil etildi.

Tadbirlarda o‘zining faollligi bilan ajralib turgan shuningdek natijaga erishgan talabalar SamDAQU rektori Chidem Turkyilmaz hamda TAQU rektori Erjan Kahya tomonidan taqdirlandilar.