“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi: Malakali sportchilar ko‘pligi millat salomatligini belgilashda muhim omildir
Qadimdan har bir oilada,
mahallada yangi avlod farovonligini ta’minlash, yoshlarga yaxshi
ta’lim-tarbiya berish, ayni paytda o‘g‘il-qizlarni munosib voyaga yetkazish eng
muhim masala sanalib kelgan. Amalga
oshirilgan va oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar boshqa sohalar singari
jismoniy tarbiya va sport tizimida ham yangicha tamoyillar va muvaffaqiyatlar
yuz ochishiga omil bo‘ldi.
“O‘zbekiston
– 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilganidek, Yangi
O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xalqimiz xohish-irodasini ro‘yobga
chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha
imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni
tarbiyalash bugungi davrning muhim vazifalaridan biri sanaladi.
Mazkur qarorda mamlakatimizda o‘tkaziladigan ommaviy sport tadbirlarini tashkil
etish orqali 2030 yilgacha yoshlar qamrovini 8 milliondan oshirish, sport bilan
shug‘ullanishga jalb qilingan aholi ulushini 36 foizga yetkazish, turli
musobaqa va turnirlarda ishtirok etayotgan yoshlar orasida razryadli va unvonli
sportchilar sonini 25 ming nafarga yetkazish vazifalari belgilangan.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan davr
mobaynida yurtimizda ommaviy sportni rivojlantirish borasida qator ishlar
amalga oshirilmoqda. Xususan, mahalla yoshlari orasida “Besh tashabbus olimpiadasi”, ta’lim muassasalarida “Talabalar
ligasi”, aholining barcha qatlamlarini qamrab olayotgan “Yangi nafas” yugurish
musobaqalari yo‘lga qo‘yilgani, yurtimizdagi mavjud sport turlari bo‘yicha
birinchilik, chempionat, xalqaro turnirlar o‘tkazilishi “O‘zbekiston – 2030”
strategiyasining maqsadlari bilan mushtaraklik kasb etmoqda.
Bugungi kunda hududlardagi sport-ta’lim muassasalarida, jismoniy
tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida iqtidorli yoshlarni
ko‘paytirish va ularning sport-ta’lim muassasalariga yo‘naltirish, sport
turlari bo‘yicha o‘qish va shug‘ullanish jarayonini doimiy nazoratga olish,
qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizimida
“ERP-SPORT” – yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushirilgani ayni muddao
bo‘ldi.
Mazkur tizim razryadli va unvonli sportchilarning aniq raqamlarini,
ularning erishayotgan natijalari bo‘yicha monitoring ishlarini samarali olib
borish imkonini bermoqda.
Ayni holatni hududlar kesimidagi taqsimotiga nazar tashlasak,
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6 ming 69, Andijon viloyatida 10 ming 296,
Buxoro viloyatida 9 ming, Jizzax viloyatida 6 ming 617, Qashqadaryo viloyatida
5 ming 933, Navoiy viloyatida 7 ming 404, Namangan viloyatida 8 ming 775,
Samarqand viloyatida 9 ming 980, Surxondaryo viloyatida 9 ming 211, Sirdaryo
viloyatida 5 ming 992, Toshkent viloyatida 11 ming 994, Farg‘ona viloyatida 11
ming 101, Xorazm viloyatida 5 ming 398, Toshkent shahrida 3 ming 862 nafar.
Bundan ko‘rinib turibdiki, ommaviy sportning rivojlanish tamoyili qaysi
maskanda qay darajada rivoj topayotganini anglash mumkin, albatta. Ushbu
ko‘rsatkichlar qaysi sport turlariga tegishliligi, malakali sportchilar xalqaro
va ichki musobaqalardagi natijadorligi esa boshqa masala ekanini ta’kidlagan
holda aytish lozim, Olimpiya va Osiyo o‘yinlari, jahon va qit’a
chempionatlaridagi yutuqlar aynan mazkur jihatlar orqali qo‘lga kiritilishi
ahamiyatlidir.
“Ommmaviy sportni rivojlantirish, tegishli sport turlarini qo‘llab-quvvatlash” to‘g‘risidagi qarorning tub zamirida ham iqtidorli yoshlar safini kengaytirish asnosida millat genofondini sog‘lomlashtirish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada oshirish maqsadi mujassam. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida keltirilganidek, bu harakatlar kelgusi besh yillikda mamlakatimiz aholisining jismoniy faollik darajasi 2 barobar oshirishga erishilishiga poydevor yaratadi.
Toshkent
arxitektura-qurilish universiteti
O‘zbek
tili va adabiyoti kafedrasi
katta o‘qituvchisi (PhD)