Seysmik xavfsizlikni ta'minlash ishlari jadallashtirilmoqda
G’.O’.Mavlonov
nomidagi Seysmologiya institutida O’zbekiston
Respublikasi Fanlar akademiyasi Vitse-prezidenti S.Mirzayev raisligida O’zbekiston
Respublikasi Prezidentining 2023-yil 16-maydagi “O’zbekiston
Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini taʼminlash tizimini
yana-da takomillashtirishga oid qo’shimcha
chora-tadbirlar to’g’risida”gi
PQ-158-son qarori ijrosini samarali tashkil etish, jumladan, kuchli zilzilalar
taʼsirida Toshkent shahrining talafot darajasini iqtisodiy baholash imkonini
beruvchi raqamlashtirilgan simulyatsion model yaratishga bag’ishlangan
yig’ilish bo’lib
o’tdi. Tadbirda Toshkent
Arxitektura-qurilish universiteti Strategik rivojlantirish bo’yicha 1 prorektor
(rektor v.v.b.) B.Tulaganov, qurilish va uy-joy kommunal xo’jaligi
vazirligi, M.T.O’rozboyev nomidagi Mexanika va inshootlar seysmik
mustahkamligi instituti va boshqa tashkilotlar mas’ullari
qatnashishdi. Joriy etilishi ko’zda tutilgan simulyatsion model
Toshkent shahrida qurilgan barcha bino va inshootlarning seysmobardoshlik bo’yicha
maʼlumotlar bazasini yaratish va ularni GIS platformasiga joylashtirishni va bu
orqali maʼlumotlar bazasidagi bino va inshootlarning seysmik jihatdan
zaifligini va ularning kuchli zilzilalarda to’la shikastlanish qiymatlarini
aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, loyiha doirasida Toshkent shahri
hududida sodir bo’lish ehtimoli yuqori bo’lgan zilzila o’choqlarining seysmik
xavfini, kuchli zilzilalar sodir bo’lgan taqdirda shaharda qurilgan bino va
inshootlarning buzilish darajasini baholash bo’yicha dastur ishlab
chiqiladi. Yig’ilishda seysmik xavfsizlikni taʼminlash tizimini yana-da
takomillashtirish maqsadida olib borilayotgan o’zaro hamkorlik natijalari,
shuningdek, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo’lgan vazifalar to’g’risida
o‘zaro fikr almashildi.