MUROJAAT
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning soha xodimlari, professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar uchun korrupsiyaga qarshi kurashishga oid MUROJAATI Hurmatli soha xodimlari, professor-o‘qituvchilar va aziz talaba-yoshlar!
So‘nggi yillarda
mamlakatimizda korrupsiya, poraxo‘rlik, tanish-bilishchilik kabi illatlarga
qarshi keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlar xalqimizga
munosib sharoit yaratish maqsadida olib borilmoqda. Xalqaro hamjamiyat
tomonidan O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati va korrupsiyaga qarshi kurashish
ishlari e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha muhim qonunlar qabul qilingan, jumladan,
“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun. Prezidentimizning "O‘zbekiston — 2030"
strategiyasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish alohida maqsad sifatida
belgilab berilgan. Masalan, 89-maqsadda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish
va jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirish
vazifalari belgilangan.
Bugungi kunda iqtisodiyotni raqamlashtirish korrupsiyaga qarshi
kurashishning eng samarali vositasiga aylandi. Raqamli texnologiyalar
korrupsiyani kamaytirish, soliq tushumlarini oshirish va davlat xizmatlarini
shaffof tarzda ko‘rsatishga xizmat qiladi.
Ta’lim tizimida Korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali vositalardan
biri —ta’lim tizimini raqamlashtirishdir. Shu maqsadda, "Raqamli
universitet" loyihasi doirasida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot
tizimi” (HEMIS - Higher Education Management Information Systems) ishlab
chiqilib, amaliyotga joriy etildi.
Mazkur axborot tizimi oliy ta’lim muassasalarining administrativ,
akademik, ilmiy va moliyaviy faoliyatlarini avtomatlashtirish, o‘quv jarayonlarini
tashkil etish, monitoringini olib borish va boshqarish, masofadan onlayn o‘qish
ta’lim xizmatlarini tashkil etish hamda vazirlik axborot tizimi bilan axborot
almashish vazifasini bajaradi.
Hozirda HEMIS orqali oliy o‘quv yurtlarining barcha jarayonlari
shaffofligi ta’minlanib, barcha ma’lumotlar avtomatlashtirilgan ravishda yozib
boriladi va nazorat qilinadi. Bu orqali pora berish yoki turli
tanish-bilishchilik kabi salbiy holatlarning oldi olinmoqda. Oliy ta’lim
muassasalari va vazirlik o‘rtasidagi axborot almashinuvi ham bu tizim orqali
amalga oshirilishi natijasida, o‘quv jarayonlarining aniqligi va shaffofligi
ta’minlanmoqda.
Tizimning joriy etilishi ta’lim sifatini oshirish, manfaatdorlik va
shaffoflikni ta’minlash orqali korrupsiyaga qarshi samarali kurashishga xizmat
qiladi.
“HEMIS” axborot tizimining “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish” mobil
ilovasi takomillashtirildi. Hozirgi kunda mobil ilovadan 600 mingdan ortiq
talabalar foydalanmoqda. O‘rta maxsus va kasbiy ta’lim muassasalari pedagog kadrlarini
attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifa berishga mo‘ljallangan
“pedagog.edu.uz” platformasi ishga tushirildi.
Ming afsuski korrupsiya degan illatning sohada sodir etilishiga olib
keluvchi shart-sharoitlarini bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan
chora-tadbirlarga qaramasdan, bu kabi holatlarning sodir etilishi hamon
kuzatilmoqda.
Jumladan, joriy yilning o‘tgan davrida, fuqarolarni o‘qishga
kirishini yoki o‘qishini ko‘chirib berishini va’da qilgan bir nechta
o‘qituvchi va mas’ul shaxslar pora olgan vaqtlarida qo‘lga olingan. Ularning
barchasiga qarshi jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Jinoyatga jazo muqarrar!
Korrupsiyaning ta’lim sohasidagi zarari juda katta. U ta’lim darajasini
pasaytiradi, bilimsiz va tajribasiz kadrlar yetishib chiqishiga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, yoshlar orasida davlat boshqaruviga bo‘lgan ishonchni yo‘qotadi.
Mana shu sababli, barchamiz birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashishimiz zarur.
Hurmatli ustozlar va talaba-yoshlar!
Korrupsiyaga qarshi kurashish barchamizning asosiy vazifamizga aylanishi
kerak. Korrupsiya davlat rivojlanishining oldini oladi, ayniqsa ta’lim
sohasida. Bunga qarshi barchamiz birdek mas’ulligimizni his etsak, kelajakda
yetuk va bilimli kadrlar yetishib chiqadi va ular davlat ravnaqiga munosib
hissa qo‘shadilar.
Yurtimiz kelajagi sizlarning halollik va mas’uliyatli faoliyatingizga bog‘liq!
Hurmat bilan,
K. Sharipov, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri
Manba(