Hurmatli professor-o‘qituvchilar, aziz talabalar, qadrli yurtdoshlar!
Tabiat uyg‘onib, yangi hayot nashidasi taralayotgan,
qalblarga bahoriy shodlik va ezgulik bag‘ishlaydigan, xalqimizning milliy
o‘zligining yorqin ramzi bo‘lgan Navro‘z bayrami bilan sizlarni chin qalbimdan
tabriklayman! Navro‘z – bu faqatgina faslning almashinuvi emas. Bu – tinchlik
va barqarorlik, mehr-oqibat va hamjihatlik, tabiat va inson uyg‘unligini o‘zida
mujassam etgan, ming yillar davomida avlodlarimiz ruhiyatida chuqur iz qoldirib
kelayotgan ulug‘ ayyomdir. Ushbu kun o‘zida ezgulik, saxovat, bunyodkorlik,
yangilanish va hamjihatlik tamoyillarini mujassam etgani bilan har birimiz
uchun qadrli va azizdir. Me’morchilik va qurilish ilmi Navro‘z falsafasi bilan
uyg‘un biz yangi binolar, muhtasham inshootlar, yashash uchun qulay va
zamonaviy shaharlar yaratishda hamisha bunyodkorlik ruhidan ilhom olamiz. Universitetimiz
jamoasi bugungi kunda ilm-fan va amaliyotni uyg‘unlashtirib, xalqaro
standartlar asosida ta’limni rivojlantirish, xorijiy hamkorlikni kengaytirish
hamda zamonaviy arxitektura va qurilish sohasiga innovatsion yondashuvlarni
joriy etish yo‘lida izchil harakat qilmoqda. Navro‘z – bizga xayrli niyatlar
qilish, kelajakka yorug‘ umid bilan qarash, ko‘ngillarga ezgulik va mehr
bag‘ishlash uchun berilgan imkoniyatdir. Shu bois, bugungi kunda biz Navro‘z
ruhi bilan ilhomlanib, ilm-fan va ijodda yangi marralarni zabt etish, mustahkam
bilim va fidokorona mehnat bilan yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa
qo‘shishimiz kerak. Bu bahoriy bayram barchamizga baxt va baraka, oilalarimizga
fayzu farovonlik, yurtimizga tinchlik va taraqqiyot olib kelsin! Yuragimiz
Navro‘zdek musaffo, orzu-intilishlarimiz yuksak, maqsadlarimiz ulkan bo‘lsin!
Navro‘zingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori B. A. Tulaganov.