Kasbga yo‘naltirish ishlari doirasida targ‘ibot uchrashuvlari tashkil etildi
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti “Bino va
inshootlar qurilishi” kafedrasi tomonidan yosh avlodni arxitektura va qurilish
sohasi bilan yaqindan tanishtirish, shuningdek, ularni to‘g‘ri kasb tanlashga
yo‘naltirish maqsadida targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Kafedra mudiri
Baymatov Shahriddin Xushvaqtovich va assistent Xojiyev Nodir Muxtarovich
2025-yilning may oyi boshida Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanida joylashgan
2, 8, 17, 21, 60, 77, 83 hamda 100-sonli umumta’lim maktablarida bo‘lib,
bitiruvchi sinf o‘quvchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Uchrashuvlar
davomida universitetda yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim yo‘nalishlari,
talabalarga taqdim etilayotgan imkoniyatlar, xalqaro hamkorlik aloqalari va
zamonaviy o‘quv dasturlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek,
arxitektura va qurilish sohalarining jamiyatdagi o‘rni, bu yo‘nalishdagi
kasblarning istiqboli, oliy ta’lim muassasasiga kirish tartibi va talabgorlar
uchun mavjud imkoniyatlar tushuntirildi. Targ‘ibot uchrashuvlari o‘quvchilar va
pedagoglar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Tadbir yakunida
yoshlarga targ‘ibot materiallari tarqatilib, universitet rasmiy veb-sahifalari
orqali qo‘shimcha ma’lumot olishlari tavsiya etildi.