“Akademik harakatchanlik” dasturi doirasida g‘olib yosh olimlar e’lon qilindi
2021-yildan buyon Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan iqtidorli
yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Akademik harakatchanlik” dasturi
izchil amalga oshirib kelinmoqda. Mazkur dastur doirasida 2025-yil davomida
tanlov to‘rt marotaba o‘tkazilib, bugungi kunga qadar jami 93 nafar yosh olim
g‘olib deb topildi. G‘oliblarga respublika va xorijdagi turli laboratoriyalar
hamda zamonaviy ilmiy markazlardan olti oygacha bepul foydalanish imkoniyati
yaratildi.
Joriy yilning to‘rtinchi tanlovi natijalariga ko‘ra esa 29 nafar yosh
olim g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ularning 18 ta zamonaviy ilmiy laboratoriyadan
foydalanishini ta’minlash maqsadida davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 2
milliard 150 million so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.
Quvonarlisi shundaki, ushbu nufuzli tanlovda Toshkent
arxitektura-qurilish universiteti doktoranti
Madraymov Niyetbay Amangediyevich ham faol ishtirok etib, faxrli
o‘rinlardan birini egalladi hamda sertifikat bilan taqdirlandi.
