“Dizayn dunyosini oching” nomli ijodiy ko‘rgazma ochildi
Toshkent
arxitektura-qurilish universiteti Arxitektura fakulteti Dizayn yo‘nalishi
1-2-bosqich talabalari tomonidan tayyorlangan “Dizayn dunyosini oching” nomli
ijodiy ko‘rgazma o‘z ishini boshladi.
Mazkur ko‘rgazmada asosan Maketlash va Dizayn
asoslari fanlari doirasida tayyorlangan hajmli kompozitsiyalar namoyish etilgan
bo‘lib, ular Dizayn kafedrasi v.b. dotsenti Barsukova Ye.A. hamda dotsent
Arziyev D.A. rahbarligida bajarilgan.
Ko‘rgazmaning o‘ziga xos
jihati – unda faqat hajmli kompozitsiyalar namoyish etilgani bo‘lib, ishlarda
talabalar tomonidan qo‘l mehnati va texnika uyg‘unligida yaratilgan innovatsion
yondashuvlar aks ettirilgan. Namoyish etilgan ishlar orqali talabalar interyer
dizaynida zamonaviy uslublar — minimalizm, funksional ochiq makonlar, yorug‘lik
texnologiyalari, xususan LED yoritish tizimlari bilan ishlash ko‘nikmalarini
amaliy jihatdan namoyon etganlar.
Shuningdek, ko‘rgazmada “Savdo pavilionlari”
mavzusidagi maketlar ham o‘rin olgan bo‘lib, bu bugungi bozor iqtisodiyoti
sharoitida dolzarb mavzulardan biri sanaladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlarni
samarali tarzda namoyish etish uchun zamonaviy va funksional muhit yaratish
bo‘yicha talabalarning qarashlari aniq ko‘zga tashlanadi.
Ko‘rgazmaga kirish so‘zi
bilan universitetning Akademik faoliyat bo‘yicha prorektori R. Xodjayev chiqib,
yosh dizaynerlarning mehnatini yuqori baholab, ularga ijodiy omadlar tiladi.
Eslatib o'tamiz!
Ko‘rgazma 2025-yil 20-iyungacha davom etadi.