“Nafislik sari” to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti tashkil etildi
Toshkent
arxitektura-qurilish universitetida talaba-yoshlarni kasb-hunarga yo‘naltirish,
ularning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli
tashkil etish maqsadida Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar
boshqarmasi tashabbusi bilan kulolchilik yo‘nalishidagi “Nafislik sari”
to‘garagining navbatdagi mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur to‘garak talaba-yoshlarning ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish,
milliy hunarmandchilik an’analarini keng targ‘ib etish, ularni mehnat bozorida
talab yuqori bo‘lgan kasb va hunarlarga yo‘naltirish hamda bandligini
ta’minlashga ko‘maklashish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Mashg‘ulot davomida ishtirokchilar kulolchilik san’atining tarixi, loyga ishlov
berish usullari, buyumlarga shakl berish, bezak elementlarini yaratish va
mahsulotlarni tayyorlashning amaliy bosqichlari bilan yaqindan tanishdilar.
To‘garak a’zolari tajribali mutaxassislar ko‘magida turli xil sopol buyumlar
tayyorlash jarayonida o‘z mahoratlarini sinab ko‘rib, amaliy ko‘nikmalarini
yanada mustahkamladilar. Yaratuvchanlikka asoslangan mashg‘ulotlar talabalarda
sabr-toqat, estetik did, mas’uliyat va ijodiy fikrlash ko‘nikmalarini
rivojlantirishga xizmat qildi.
Tadbir davomida talabalarga kulolchilikning nafaqat san’at, balki istiqbolli
kasb-hunar yo‘nalishi ekani, ushbu faoliyat orqali o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish
va daromad manbaiga ega bo‘lish imkoniyatlari haqida ham batafsil ma’lumotlar
berildi.
“Nafislik sari” to‘garagi talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli
tashkil etish, ularning iste’dod va qobiliyatlarini yuzaga chiqarish, milliy
hunarmandchilikka qiziqishini oshirish hamda kelajakda raqobatbardosh
mutaxassis bo‘lib shakllanishlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.


