“OAV haftaligi” doirasida zamonaviy media rivoji va dolzarb masalalarga bag‘ishlangan panel sessiya bo‘lib o‘tdi
27-iyun – Matbuot va
ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Milliy
media birlashmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan “OAV haftaligi” doirasida
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida “Zamonaviy media: muammo, yechim va istiqbollari” mavzusida
ilmiy-amaliy panel sessiya o‘tkazildi.
Tadbirni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qong‘irotboy Sharipov
ochib berdi. O‘z nutqida u so‘z erkinligi, axborotning oshkoraligi
va jamiyatda xolis hamda haqqoniy fikrni shakllantirish jarayonida jurnalistlar
va ommaviy axborot vositalari vakillarining fidokorona mehnatini alohida
e’tirof etdi.
Panel sessiyada sohaning yetakchi mutaxassislari – O‘zbekiston Milliy
media birlashmasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja, Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xo‘jaev, Markaziy Osiyo sun’iy
intellekt assotsiatsiyasi raisi Vladimir Norov, O‘zbekiston Milliy
teleradiokompaniyasi raisi o‘rinbosari Madamin Safarov, O‘zbekiston
Jurnalistlar uyushmasi raisi Xolmurod Salimov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
deputati Umida Rahmonova, Mass Media fondi raisi Akrom Fozilov va boshqa
mutasaddilar ishtirok etdi.
Sessiya davomida zamonaviy mediadagi muammolar, ularni bartaraf etish
yo‘llari hamda sohaning istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek,
jurnalistika sohasida axborot texnologiyalarining o‘rni, yoshlar media
savodxonligini oshirish masalalari va professional malakani mustahkamlash
borasida dolzarb taklif va tavsiyalar ilgari surildi.