Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori Baxrom Tulaganov ijara xonadonlarida yashayotgan talabalar holidan yaqindan xabar oldi
Uchrashuv davomida talabalar bilan samimiy suhbat o‘tkazilib, imtihonlar
jarayoni qanday kechayotgani, o‘qishga tayyorgarlik, yashash sharoiti va dam
olish imkoniyatlari muhokama qilindi. Talabalar o‘z fikrlarini bildirib,
imtihonlar belgilangan tartibda va muammosiz o‘tayotganini aytishdi.
Shuningdek, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, gaz va isitish
qurilmalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Talabalar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va takliflarini bildirdi,
ijara beruvchi xonadon egalari bilan ham muloqot o‘tkazilib, sharoitlarni
yanada yaxshilash bo‘yicha fikr almashildi.
Rektor talabalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning xavfsiz va qulay
sharoitda yashashini ta’minlash bo‘yicha universitet tomonidan barcha choralar
ko‘rilayotganini ta’kidladi.
