Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori Baxrom Tulaganovning yoshlar, ota-onalar va pedagoglarni giyohvandlik va narkojinoyatlarning salbiy oqibatlaridan ogohlikka chaqirishga qaratilgan murojaati
Hurmatli talaba yoshlar, mehribon ota-onalar va muhtaram ustozlar!
Keyingi paytlarda yoshlarimiz orasida kuchli ta’sir qiluvchi va
tarkibida psixotrop moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalariga qaramlik illatiga
ruju qo‘yish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Bu illat yosh oilalarning barbod
bo‘lishiga, bolalarning tirik yetim qolishiga zomin bo‘layotgani taassuflidir.
Ushbu illatning yoshlar orasida ommalashishi juda xavflidir. Yoshlar
o‘rtasida bu illatning ko‘payib ketishini o‘smirlarning har xil narsalarga
qiziquvchanligi, tez ta’sirga beriluvchanligi hamda aholi orasida giyohvand
vosita yoki giyohvandlik kasalligi to‘g‘risidagi axborotlarning kamligi bilan
tushuntirish mumkin.
Mamlakatimizda barcha turdagi giyohvandlikka qarshi izchil kurash olib
borilmoqda. Xususan, mahallalarda, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida,
barcha mehnat jamoalarida giyohvandlikning inson sog‘lig‘iga zarari va uning
ayanchli oqibatlari haqida ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
Ushbu illatning oldini olish uchun avvalo, xastalikning sabab bo‘luvchi
omillarini bartaraf etish, xususan, aholi bandligini ta’minlash, yoshlarni
sportga jalb etish, ularning ma’naviy dunyosini umuminsoniy qadriyatlar va
milliy g‘urur hissi bilan boyitish ham hayotiy zaruratdir.
Yoshlarni dunyoqarashi endigina shakllanib borayotgan bir paytda, ularni
aldov yo‘llari bilan giyohvandlik qurboniga aylantirayotganlar oz emas. O‘z
hamyonini qappaytirish ilinjida og‘uni voyaga yetmagan yoshlar orasida
tarqatib, uni iste’mol qilishga targ‘ib qilayotganiga jim qarab turib
bo‘lmaydi. Giyohvandlikka qarshi kurashish faqat huquqni muhofaza qiluvchi
organlarning ishi emas, hammamizning eng asosiy ishimizga aylanishi kerak. Zero,
bunga hamma – butun jamiyat birdek mas’ul!
