Universitetni korrupsiyadan holi hududga aylantirish - ustuvor vazifamiz

Universitetni korrupsiyadan holi hududga aylantirish - ustuvor vazifamiz

Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash nafaqat davlat siyosatining muhim yo‘nalishi, balki jamiyat taraqqiyotini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida shaffoflik, halollik va adolat tamoyillarini mustahkamlash kelajak kadrlarining mas’uliyatli va vijdonli bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Toshkent arxitektura-qurilish universitetida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, universitetni to‘liq “korrupsiyadan holi hudud”ga aylantirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Ushbu yo‘nalishda Komplayns-nazorat bo‘limi tomonidan tizimli va izchil ishlar olib borilmoqda.

Avvalo, universitet faoliyatida ochiqlik va shaffoflik tamoyillari mustahkamlanmoqda. Qabul jarayonlari, baholash tizimi, imtihonlar, attestatsiya va boshqa muhim jarayonlar qat’iy nazorat ostiga olinib, ularning adolatli va xolis o‘tkazilishi ta’minlanmoqda. Raqamlashtirish jarayonlarining joriy etilishi inson omili bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.

Shu bilan birga, professor-o‘qituvchilar, xodimlar va talabalar o‘rtasida huquqiy madaniyatni oshirish, korrupsiyaning salbiy oqibatlari haqida tushuntirish ishlari muntazam olib borilmoqda. Seminarlar, davra suhbatlari, ochiq muloqotlar orqali korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirilmoqda. Zero, korrupsiyaga qarshi kurash faqat nazorat bilan emas, balki ong va tafakkur bilan ham amalga oshiriladi.

Komplayns-nazorat bo‘limi tomonidan kelib tushayotgan murojaatlar bilan ishlash, ularni xolisona ko‘rib chiqish va zarur choralarni ko‘rish mexanizmi yo‘lga qo‘yilgan. Har bir murojaat e’tibordan chetda qolmasligi, fuqarolarning ishonchini mustahkamlash — bizning asosiy tamoyillarimizdan biridir.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, korrupsiyaga qarshi kurash — bu faqat bir bo‘lim yoki rahbariyatning vazifasi emas. Bu butun universitet jamoasining umumiy mas’uliyatidir. Har bir talaba, har bir o‘qituvchi va xodim halollik tamoyiliga sodiq bo‘lsa, korrupsiyaga qarshi eng kuchli immunitet shakllanadi.

Kelgusida ham Toshkent arxitektura-qurilish universitetida xalqaro standartlarga mos, adolatli va shaffof ta’lim muhitini yaratish, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qat’iy barham berish yo‘lidagi ishlar izchil davom ettiriladi. Chunki bizning maqsadimiz — nafaqat malakali mutaxassislar, balki halol va vatanparvar shaxslarni tarbiyalashdir.

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti Komplayns-nazorat bo‘limi boshlig‘i Muhiddin Isakjanov