Yoshlar taraqqiyoti strategiyasini amalga oshirish jarayonida yaratilayotgan imkoniyatlar va erishilayotgan natijalar
YOSHLAR TARAQQIYOTI STRATEGIYASINI AMALGA
OSHIRISH JARAYONIDA YARATILAYOTGAN IMKONIYATLAR VA ERISHILAYOTGAN NATIJALAR
Mamlakatimizda yoshlar
siyosatini izchil amalga oshirish, ularning intellektual, iqtisodiy va ijtimoiy
salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda zamonaviy rivojlanish jarayonlariga faol
jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida
qaralmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi
studiyalar orqali 60 mingdan ziyod yoshlar vakillari ishtirokida o‘tkazilgan
uchrashuv yoshlar masalasi davlat miqyosida strategik ahamiyat kasb
etayotganini yaqqol namoyon etdi. Davlat rahbari tomonidan mamlakatimizdagi 22
milliondan ziyod yoshlar ulkan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy kuch ekani
ta’kidlanib, barcha darajadagi rahbarlar zimmasiga yoshlarning bandligini
ta’minlash, til va kasb-hunarga o‘rgatish, sport va innovatsion faoliyatga jalb
etish hamda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash vazifalari yuklatildi.
Tahliliy jihatdan qaralganda,
so‘nggi yillarda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar natijasida xalqaro
maydondagi yutuqlar sezilarli darajada oshdi. Xususan, jahon fan
olimpiadalarida qo‘lga kiritilgan 66 ta oltin, 147 ta kumush va 221 ta bronza
medal yoshlarning ilmiy salohiyati izchil yuksalayotganini ko‘rsatadi. Nufuzli
xorijiy oliygohlarda tahsil olayotgan yoshlar sonining ortishi, jumladan,
Garvard, Yel, Prinston, Kolumbiya va Kornell universitetlarida tahsil olayotgan
talabalarning 500 nafardan oshgani hamda TOP-100 talikdagi oliygohlarda
o‘qiyotgan 3,5 mingdan ziyod yoshlar mavjudligi ta’lim sohasidagi
islohotlarning samaradorligini tasdiqlaydi.
Innovatsion rivojlanish
kontekstida yoshlar startap faoliyatining kengayib borayotgani alohida
ahamiyatga ega. 63 ta startap loyihasining AQSh, Janubiy Koreya, Buyuk
Britaniya va Birlashgan Arab Amirliklari bozorlariga kirib borgani mamlakatda
innovatsion ekotizim shakllanayotganini anglatadi. Yosh sportchilarning xalqaro
arenalarda qo‘lga kiritgan 720 ta oltin, 671 ta kumush va 854 ta bronza
medallari esa yoshlar siyosatining ko‘p yo‘nalishli va kompleks xarakterini
ko‘rsatadi. Natijada yosh tadbirkorlar mamlakatdagi biznes vakillarining 35
foizini tashkil etishi iqtisodiyotda yoshlar ulushining ortib borayotganidan
dalolat beradi.
Yoshlar bandligini ta’minlash
va tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi davlat siyosatining muhim
yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Har yili 600 ming yosh mehnat
bozoriga kirib kelayotgani, 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 millionga yetishi
prognoz qilinayotgani yoshlar uchun barqaror ish o‘rinlari yaratish zaruratini
kuchaytirmoqda. Shu nuqtai nazardan, banklar va Yoshlar ishlari agentligiga
yo‘naltirilgan 400 million dollar hamda “Yoshlar biznesi” va “Kelajakka qadam”
dasturlari orqali 15 ming yoshning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi muhim
natija sifatida baholanadi.
Yurtboshimiz tomonidan ilgari
surilgan tashabbuslar va 2025 yilda qabul qilingan 209 hamda 309-sonli qaror va
farmonlar ijrosini ta’minlash Toshkent arxitektura-qurilish universiteti
faoliyatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Mazkur hujjatlar ijrosi doirasida
universitetimizda nafaqat dual ta’lim tizimi kengaytirildi, balki ishlab
chiqarish, ilm-fan va ta’lim integratsiyasini mustahkamlashga qaratilgan keng
ko‘lamli loyihalar amalga oshirildi.
Xususan, respublikamizning
yirik qurilish kompaniyalari — “Golden House” va “NRG” bilan hamkorlik
memorandumlari imzolandi hamda dual ta’lim mexanizmi amaliy bosqichga olib
chiqildi. Bugungi kunda talabalarimiz zamonaviy turar joy massivlari, ko‘p
funksiyali majmualar va yirik infratuzilma obyektlarida amaliyot o‘tamoqda,
real loyiha jarayonlarida ishtirok etmoqda. Bu esa ularning nazariy bilimini
mustahkamlash bilan birga, loyiha boshqaruvi, qurilish texnologiyalari,
muhandislik yechimlari va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini shakllantirmoqda.
Shu bilan birga, universitet
tomonidan o‘ndan ortiq mahalliy va xorijiy tashkilotlar, loyiha institutlari,
arxitektura byurolari hamda qurilish klasterlari bilan hamkorlik kelishuvlari
imzolandi. Natijada talabalar uchun ishlab chiqarish amaliyoti bazalari
kengaydi, qo‘shma ilmiy-amaliy seminarlar, mahorat darslari va treninglar
yo‘lga qo‘yildi.
Universitetda “Yoshlar biznes
inkubatori”, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash markazi hamda innovatsion
laboratoriyalar faoliyati kengaytirildi. Talabalar tomonidan ilgari surilgan
g‘oyalar asosida “aqlli uy”, energiya tejamkor qurilish materiallari, raqamli
loyihalash (BIM), yashil arxitektura va barqaror shaharsozlik yo‘nalishlarida
bir qator amaliy loyihalar ishlab chiqildi. Ayrim loyihalar investorlar
e’tiborini tortib, tijoratlashtirish bosqichiga olib chiqildi.
Bundan tashqari, universitetda
xalqaro hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik almashinuv va
malaka oshirish loyihalari amalga oshirilmoqda. Professor-o‘qituvchilar va
talabalar nufuzli xorijiy universitetlar bilan qo‘shma tadqiqotlarda ishtirok
etmoqda. Bu esa ta’lim sifatini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishga
xizmat qilmoqda.
Talabalar uchun yaratilgan
infratuzilma ham tubdan yangilandi: zamonaviy o‘quv auditoriyalari, raqamli
texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, kovorking zonalar, elektron
kutubxona tizimi, qulay talabalar turar joylari hamda sport va madaniy maskanlar
yoshlarning har tomonlama rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, biz yoshlarga
shunchaki diplom emas, balki real kasbiy kompetensiya berishni maqsad
qilganmiz. Bugungi shiddatli zamonda bilim va ko‘nikmaga ega bo‘lgan
mutaxassisgina o‘z o‘rnini topa oladi. Aks holda, sun’iy intellekt va zamonaviy
texnologiyalar ko‘plab kasbiy yo‘nalishlarni egallab bormoqda. Shu bois
universitetimizda yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanish, har bir
kunni bilim va izlanish bilan boyitish bugungi yoshlar oldidagi eng muhim
vazifadir.
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti bundan buyon ham yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliyotga yaqin, innovatsion fikrlaydigan va raqobatbardosh mutaxassis sifatida tarbiyalash yo‘lida barcha kuch va imkoniyatlarini safarbar etadi. Chunki biz ishonamiz — bugungi bilimli va harakatchan talaba ertangi Yangi O‘zbekiston bunyodkoridir.
Yangi tashabbuslar tahlili
yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining yanada kengayib
borayotganini ko‘rsatadi. Kredit limitlarining oshirilishi, innovatsion startap
loyihalariga investitsiya kiritish imkoniyatining yaratilishi, franshiza
asosida biznes boshlash uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy etilishi
yoshlar iqtisodiy faolligini oshirishga xizmat qilmoqda. “Kelajak tadbirkori”,
“Yangi avlod tadbirkorlari”, “Yoshlar biznes inkubatori” kabi dasturlar esa
yoshlarni biznesga tizimli tayyorlash, g‘oyalarni real loyihalarga aylantirish
va bozorga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Ta’lim va kasbiy tayyorgarlik
yo‘nalishida ham muhim yangiliklar kuzatilmoqda. Texnikumlarda dual ta’limning
kengaytirilishi, spin-off loyihalar uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, “Work
and travel” dasturining joriy etilishi yoshlarning kasbiy mobilligini
oshirishga xizmat qiladi. Xorijiy til sertifikatiga ega yoshlar sonining 600
mingdan oshgani hamda 72 ming instruktor shakllangani global integratsiya
jarayonlari kuchayganini ko‘rsatadi. Xususiy o‘quv markazlariga berilayotgan
soliq imtiyozlari esa ta’lim infratuzilmasining rivojlanishiga ijobiy ta’sir
ko‘rsatmoqda.
Ijtimoiy sohada volontyorlik
harakatining rivojlanishi ham muhim natijalardan biridir. Volontyorlar sonining
100 mingdan oshgani, grantlar ajratilishi va ijtimoiy faollikni
rag‘batlantiruvchi tizimlarning joriy etilishi yoshlarning fuqarolik
mas’uliyatini oshirishga xizmat qilmoqda. Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash,
kitobxonlikni rivojlantirish, inkluziv tashabbuslarni kengaytirish hamda jazoni
ijro etish muassasalaridan qaytgan yoshlarni jamiyatga moslashtirishga
qaratilgan dasturlar yoshlar siyosatining ijtimoiy yo‘nalishdagi
samaradorligini ko‘rsatadi.
Solishtirma tahlil shuni
ko‘rsatadiki, avvalgi davrlarda yoshlar siyosati asosan ijtimoiy
qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan bo‘lsa, hozirgi bosqichda innovatsion
rivojlanish, tadbirkorlik, global integratsiya va kompetensiyaviy yondashuv
ustuvorlik kasb etmoqda. Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarining
kengayishi, inkubatorlar, grantlar, venchur jamg‘armalar va startaplarni
qo‘llab-quvvatlash tizimining shakllanishi yoshlarni passiv ijtimoiy qatlamdan
faol iqtisodiy subyektga aylantirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda,
yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar tizimli, kompleks va uzoq muddatli
istiqbolga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularning ta’lim, tadbirkorlik, innovatsiya,
sport va ijtimoiy faollik sohalarida o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishiga
xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, mazkur imkoniyatlarning samaradorligi
yoshlarning shaxsiy tashabbuskorligi, mas’uliyati va faolligi bilan bevosita
bog‘liq bo‘lib, bu jarayon davlat va jamiyat hamkorligining muhim natijasi
sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Tulaganov Baxrom Abdukabilovich
Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori,
texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent
