“Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun”
4-dekabr kuni Toshkent arxitektura-qurilish universitetida “25-noyabr –
Xalqaro ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni” munosabati bilan
tashkil etilgan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” xalqaro aksiya doirasida muhim
targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Ushbu yilgi aksiya “Xotin-qizlarga
nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” shiori ostida
o‘tkazilib, talaba-qizlar ongida zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik
kayfiyatini shakllantirish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda
zamonaviy xavf-xatarlar haqida xabardorlikni oshirishga qaratildi.
Tadbir Toshkent arxitektura-qurilish universiteti Xotin-qizlar maslahati
kengashi raisi N. Kurbanova, fakultetlarda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha
dekan maslahatchilari hamkorligida tashkil etildi.
Shuningdek, tadbirda Yunusobod tumani 4-sonli IIB XPB XKMB xotin-qizlar
masalalari bo‘yicha katta inspektor, katta leytenant R. U. Ernazarova, katta
inspektor, kapitan D. A. Ubaydullaeva, universitet psixologi M. Obidova va
universitet hamshirasi D. Muhammedova ishtirok etib, o‘zlarining xizmat
davomida to‘plagan tajribasi, amaliy misollar va foydali tavsiyalari bilan
o‘rtoqlashdilar. Mutaxassislar tomonidan nafaqat
ma’naviy-axloqiy jihatlar, balki raqamli makonda uchraydigan xavf-xatarlar,
kiberzo‘ravonlik ko‘rinishlari va ulardan himoyalanish bo‘yicha ham batafsil
tushuntirishlar berildi.
Tadbir davomida talaba-qizlar uchun interaktiv savol-javob sessiyalari
tashkil etilib, unda zo‘ravonlikning oldini olish mexanizmlari, huquqbuzarlik
holatlarida murojaat qilish tartibi, xotin-qizlar huquqlarini himoyalovchi
amaldagi qonunchilik normalari keng yoritildi. Ishtirokchilar
o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob olishdi, shuningdek, faol fikr
almashuv orqali o‘z taklif va tashabbuslarini bildirish imkoniyatiga ega
bo‘ldilar.
Ushbu uchrashuv talaba-qizlar orasida ijtimoiy faollikni oshirish,
ularni ogohlikka chorlash, jamiyatda zo‘ravonlikka qarshi murosasiz munosabatni
qaror toptirishga xizmat qilgan muhim muloqot maydoniga aylandi. Tadbir
yakunida ishtirokchilarga tegishli ma’lumotnomalar, tavsiyalar va kerakli
manzillar taqdim etildi.
