Farg‘ona viloyati hokimligi va Toshkent arxitektura-qurilish universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Memorandumni Toshkent arxitektura-qurilish universiteti rektori Baxrom
Abduqobilovich Tulaganov hamda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo
Hayitbayevich Bozarov imzoladilar.
Mazkur memorandum hududlarni kompleks rivojlantirish, arxitektura va qurilish,
qurilish materiallari sanoatini takomillashtirish, ilm-fan va ishlab chiqarish
integratsiyasini mustahkamlash, shuningdek, ta’lim va yoshlar siyosati
yo‘nalishlarida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.
Hamkorlik doirasida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy
rivojlanishiga qaratilgan loyihalarda universitetning ilmiy salohiyati va
mutaxassislaridan keng foydalanish, arxitektura-qurilish yo‘nalishidagi
loyihalarni ilmiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalar hamda
ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini amaliyotga tatbiq etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, bino va inshootlarning texnik holatini zamonaviy uskunalar
yordamida baholash, energiya samaradorligi auditi, yangi texnologiyalar,
qurilish materiallari va konstruksiyalarini joriy etish, qurilishda narxlarni
shakllantirish mexanizmlarini takomillashtirish, shaharsozlik normalari va
standartlarini xalqaro tajriba asosida rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik olib
boriladi.
Memorandum doirasida "Aqlli shahar" texnologiyalarini joriy
etish, loyiha boshqaruvi va sun’iy intellekt yo‘nalishlarida qo‘shma
ilmiy-tadqiqotlarni amalga oshirish, konferensiyalar, seminarlar va
simpoziumlar tashkil etish, laboratoriyalardan o‘zaro foydalanish,
mutaxassislar malakasini oshirish hamda tajriba almashish kabi ustuvor
yo‘nalishlarda ham hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

