TAQU vakillari Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida joylashgan Mukhtar Schoolda xizmat safarida bo‘lishdi
Toshkent
arxitektura-qurilish universiteti vakillari — Xalqaro reyting va akkreditatsiya
bo‘limi boshlig‘i Komilov Javohir hamda Registrator ofis menejeri Melikulov
G‘ayrat Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida joylashgan Mukhtar Schoolda
xizmat safarida bo‘lishdi.
Tashrif davomida delegatsiyasi maktab infratuzilmasi, o‘quv xonalari,
laboratoriyalar va o‘quvchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan
tanishdi. Shuningdek, maktab jamoasi bilan ochiq muloqot o‘tkazilib, ta’lim
sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, metodikalar hamda yoshlar bilan ishlash
bo‘yicha fikr almashildi.
Tadbir doirasida o‘qituvchilar, yuqori sinf o‘quvchilari hamda boshqa ta’lim
muassasalari vakillari ishtirokida TAQU faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.
Unda Komilov Javohir universitet tuzilmasi, fakultetlar, xalqaro reytinglardagi
o‘rinlar va ilmiy salohiyat haqida ma’lumot berdi. Melikulov G‘ayrat esa
xorijiy abituriyentlar uchun taqdim etilayotgan imkoniyatlar, qo‘shma ta’lim
dasturlari, hujjat topshirish tartibi va o‘qish shartlari haqida batafsil
tushunchalar berdi.
Taqdimotdan so‘ng qatnashchilar tomonidan bakalavriat, magistratura va PhD
bosqichlariga qabul, stipendiya dasturlari, yashash sharoitlari va ta’lim tili
bo‘yicha savollar yo‘llandi va barcha
savollarga batafsil va asosli javoblar taqdim etdilar.
Tashrif yakunida universitet tomonidan Mukhtar School rahbariyatiga esdalik
sovg‘alari topshirildi hamda tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni
mustahkamlashga doir iliq niyatlar bildirildi.