Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Saksoniya Oliy ta’lim delegatsiyasi vakili bilan hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o'tdi
Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Saksoniya federal yerlarining Oliy ta’lim vazirligi delegatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Zlixa Tileuova bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uni mustahkamlash maqsadida tashkil etildi. Suhbat davomida Zlixa Tileuova Saksoniya federal yerlarining Oliy ta’lim vazirligi tomonidan ajratilayotgan stipendiyalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Ushbu stipendiyalar doirasida Toshkent arxitektura-qurilish universitetining bakalavriat bosqichining 1-, 2- va 3-kurs talabalari hamda magistratura bosqichining 1-kurs talabalari Germaniyada tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari mumkinligi ta’kidlandi. Dasturda ishtirok etish uchun nomzodlardan ingliz tilini kamida B2 yoki nemis tilini B1 darajasida bilishlari talab etiladi. Mazkur imkoniyatdan foydalanishni istagan talabalar universitetning Xalqaro aloqalar bo‘limiga murojaat qilishlari mumkin.