TOSHKENTDA “IAFES 2025” XALQARO ARXITEKTURA WORKSHOPI BOSHLANDI
Bugun 4-avgust kuni Toshkent arxitektura-qurilish universitetida
“International Architecture Field Study – IAFES 2025” xalqaro arxitektura
workshopi o‘z ishini boshladi.
Mazkur xalqaro tadbirda Rossiya, Xitoy, Malayziya va O‘zbekistondan 100
nafarga yaqin professor-o‘qituvchilar va talabalar ishtirok etmoqda. Jumladan,
quyidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari vakillari workshopda faol qatnashmoqda:
🫥University of Malaya (Malayziya),
🫥Universiti Teknologi MARA (Malayziya),
🫥Universiti Sains Islam Malaysia – USIM (Malayziya),
🫥Inner Mongolia University (Xitoy),
🫥Satbayev University (Qozog‘iston),
🫥Sankt-Peterburg davlat arxitektura va qurilish
universiteti (Rossiya)
va boshqa nufuzli universitetlar.
Workshop doirasida Toshkent shahri Eski Shahar hududi – poytaxtning
tarixiy markazi sifatida asosiy loyiha obyekti etib belgilandi.
Tadbirning asosiy maqsadi – turli davlatlardan kelgan ishtirokchilar
tomonidan shaharning tarixiy muhitini zamonaviy arxitektura yondashuvlari
asosida o‘rganish, tajriba almashish va innovatsion loyihaviy yechimlar ishlab
chiqishdan iborat.
Tadbirning tantanali ochilish marosimida Toshkent Arxitektura-qurilish
universiteti rektori B.A. Tulaganov kirish so‘zi bilan ishtirok etdi.
Shuningdek, O‘zbekiston va xorijdan tashrif buyurgan yetakchi arxitektorlar,
yirik kompaniyalar vakillari, professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari
qatnashdi.
Dastlabki sessiyalar doirasida ishtirokchilar o‘zaro tanishib,
ilmiy-amaliy tajriba almashdilar hamda loyiha yo‘nalishlari yuzasidan fikr
almashdilar.
“IAFES 2025” workshopi 4–10 avgust kunlari davom etadi. Ushbu haftalik jarayon davomida xalqaro guruhlar Eski Shahar hududida joyida tadqiqotlar olib borib, yakuniy loyihaviy takliflarini taqdim etishadi.