“Besh tashabbus olimpiadasi”: sport musobaqalariga start berildi
29-sentabr kuni Toshkent arxitektura-qurilish universitetida talabalar
o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi ommaviy sport
musobaqalarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Sport, yoshlar va katta ishtiyoq bir joyga jam bo‘lgan tadbirda Oliy
ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, FISU prezidenti
Leonz Eder, oliy ta’lim muassasalari rektorlari, vazirlik va idoralar vakillari
hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga musobaqalarning maqsad va vazifalari
haqida ma’lumot berilib, sport bellashuvlariga ramziy start berildi.
Mazkur musobaqalar doirasida talabalar sportning turli yo‘nalishlarida
o‘z mahoratlarini namoyon etib, g‘oliblik uchun bahs olib boradi.
Shuningdek, ayni kunlarda O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan I Markaziy Osiyo talabalar sporti xalqaro forumi doirasida mamlakatimizga tashrif buyurgan FISU va AUSF vakillari ham ochilish marosimida qatnashdi.



