Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Bosh prokuratura o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Bosh
prokuraturasi hamda Toshkent arxitektura-qurilish universiteti o‘rtasida
hamkorlik memorandumi imzolandi. Memorandum Bosh prokuror o‘rinbosari Samadov
Salom Ismatovich va universitet rektori Tulaganov Bahrom Abdukabilovich
tomonidan imzolandi. Memorandumning maqsadi — ta’lim, ilm-fan va amaliyot
o‘rtasidagi integratsiyani ta’minlash, talabalarining huquqiy bilimlarini
oshirish hamda qurilish va arxitektura sohasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikni
rivojlantirishdan iborat. Hamkorlik doirasida qo‘shma ta’lim dasturlari ishlab
chiqiladi, “Qurilish huquqi” yo‘nalishida magistratura ochiladi, talabalar va
o‘qituvchilar prokuratura organlari amaliyotiga jalb etiladi. Shuningdek,
seminarlar, konferensiyalar va startap loyihalar tashkil etilishi, tarmoq
korxonalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Memorandum
asosida har yili yo‘l xaritalari qabul qilinadi, stajirovka dasturlari tashkil
etiladi hamda tashqi hamkorlar jalb qilinishi mumkin. Tomonlar maxfiy ma’lumotlarni
himoya qilish va ularni uchinchi shaxslarga oshkor etmaslik bo‘yicha kelishuvga
erishdilar.