Toshkent arxitektura-qurilish universiteti va Xalqlar Do‘stligi Universiteti o'rtasida hamkorlik kelishuvi imzolandi
Toshkent arxitektura-qurilish universitetiga Qozog'iston Respublikasi A. Kuatbekov
nomidagi Xalqlar Do‘stligi universiteti rektori, professor Kuatbekova Rabiga
Abdimusaevna boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif buyurdi. Tashrif
davomida mehmonlar universitetning o‘quv va ilmiy laboratoriyalari,
ustaxonalari hamda moddiy-texnik bazasi bilan yaqindan tanishib, ta’lim
jarayoni bo‘yicha taqdimotlarda ishtirok etdilar. Shuningdek, professor-o‘qituvchilar
va mutaxassislar bilan uchrashuv o‘tkazilib, universitetning innovatsion ta’lim
yondashuvlari, ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlari hamda xalqaro hamkorlik doirasidagi
loyihalari muhokama qilindi. Tashrifning asosiy maqsadi Xalqlar Do‘stligi universitetida
TAQUning bakalavriat bosqichida uchta
yo‘nalishni ochish hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘ldi.
Muzokaralar davomida tomonlar ushbu tashabbusni amalga oshirishning tashkiliy
va huquqiy jihatlarini muhokama qilib, professor-o‘qituvchilar almashinuvini
kengaytirish, o‘quv jarayonlarini uyg‘unlashtirish hamda qo‘shma ilmiy-tadqiqot
ishlarini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar. Tashrif yakunida TAQU
va Xalqlar Do‘stligi Universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik shartnomasi
imzolandi. Uchrashuv doirasida mehmonlar O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi
bilan tanishish maqsadida Samarqand shahriga yo‘l oldilar. Madaniy dastur
doirasida ular shahar me’moriy yodgorliklari va tarixiy obidalari bilan
yaqindan tanishib, milliy merosimizga oid qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.